23:14
Bolalarning jinsiy tarbiyasi

Farzandingizni kattalar hayoti va kattalar munosabatlariga o‘rgatish haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Ehtimol, qizingiz yoki o‘g‘lingiz «Bolalar qayerdan olinadi?» kabi savol bergan bo‘lsa, nima deb javob berishni bilmay o‘zingizni yo‘qotib qo‘ygan hol ham bo‘lgandir?

Bolalarning jinsiy tarbiyasi avvalambor oilada olib borilishi zarur. Buni hammamiz anglab yetmog‘imiz darkor. Biroq qanday qilib? Axir har bir savolga javobni turlicha talqin qilish va tushuntirish mumkin. Bolaga esa faqat maqbulini tanlash joiz. Jinsiy ta’limdan boxabar ota-ona murakkab pedagogik vaziyatlardan mustaqil ravishda oson chiqib ketishadi. Ota-ona o‘g‘liga yoki qiziga erkaklar va ayollarning o‘zaro munosabatlari bilan bog‘liq vaziyatlarni tushunarli va oson tushuntirib berishi bolaning jinsiy jihatdan to‘g‘ri shakllanishi, o‘z majburiyatlarini tushunishi, o‘zini qanday tutish lozimligini anglashiga ko‘maklashadi.

Xo‘sh, qiz yoki o‘g‘ilni tarbiyalashda oldingizga qanday maqsadlar qo‘yasiz? Har bir ota-ona qizi yumshoq, g‘amxo‘r, ziyrak ayol bo‘lib voyaga yetishi, katta bo‘lganida farzandlariga mehribon bo‘lishini, o‘g‘il esa otasi va onasi, bo‘lajak oilasining tayanchi, qo‘rqmas, kuchli va maqsadga erishuvchan bo‘lishini istaydi.
Farzandining boshqa jinsga taalluqli inson bilan munosabatlari qanday kechayotgani haqida qachon o‘ylay boshlaysiz? Odatda bolalar o‘smirlik yoshini urib qo‘yganida. Demak, bolalarning muomala ko‘nikmalari eng jadal rivojlanadigan maktabgacha va kichik yoshdagi maktab yillari, afsuski, e’tibordan chetdan qoladi.

Bo‘lajak erkak va ayolni ota-onalik va er-xotinlik majburiyatlariga yoshlikdan bosqichma-bosqich o‘rgatish muhimdir, zero, jinsiy tarbiyaning asosiy vazifasi ham shundan iborat. Jinsiy xulqning jamiyatda qabul qilingan talablariga javob berish, boshqa jinsdagi odamlar bilan yaqin va barqaror munosabatlar o‘rnatish, yaqinlar va qadrdonlar bilan yaxshi aloqada bo‘lish tug‘ma qobiliyatlar sirasiga kirmaydi. Xuddi kasbni tanlash va unda malakaga erishish singari, erkak va ayol, ota va ona vazifalarini bajarishga ham butun hayoti davomida o‘rganiladi.
Bolalarga haqqoniy ma’lumotni to‘g‘ri usulda yetkazish uchun, birinchi navbatda, o‘zingiz to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishingiz darkor. Ikkinchidan, axborotni bolalarga yetkazish kerak. Uchinchidan, bu bilan siz nafaqat oilangizga, shu bilan birga jamiyatga ham yordam berasiz.

Bolalarning murakkab savollari yoki mulohazalaridan qiynalmagan ota-ona topilmasa kerak. «Bolalar karam ostida yotganini hech ko‘rganmisiz?» - deb so‘radi besh yoshli Nazira onasining tushuntirishlariga. Bolalarning qiyin savollariga berilgan javob, mulohazalarini to‘g‘ri tushuntirish orqali ko‘p jihatdan o‘g‘il va qizning jinsiy munosabatlarga yondashuvi belgilanadi.

Kichik maktab yoshidagi bolakay onasi bilan vrachga navbat kutib o‘tiribdi. Yonida bir ayol go‘dak qizini yechintirib, podguznigini almashtirdi va qayta yo‘rgakladi. Bolakay bularning hammasini qiziqish bilan tomosha qilardi. «Qayoqqa qarayapsan? Uyalmaysanmi?» - jerkib berdi onasi va siltab oldiga tortdi. Yonida esa boshqa ona o‘g‘li bilan o‘tirardi. Uning tarbiyasi o‘zgacha. «Qara, qanday kichkina qizcha. Jajji oyoqchalari, barmoqchalari, qo‘lchalarini qara. Hali o‘zi hech narsa qilolmaydi – qara, tagini xo‘llab qo‘yibdi va onasi almashtiryapti – katta bo‘lgunicha doimo ko‘z-quloq bo‘lib turish kerak. Sen ham kichkinaligingda shunday shirin bola eding». Shubhasiz, bu ikki tarbiya har xil samara beradi.

Ota-ona, xohlaydimi-yo‘qmi, bolalarini jinslarning o‘zaro munosabatlari bilan bog‘liq axborotdan to‘liq cheklab qo‘yolmaydi. Murakkab savollar, albatta, tug‘iladi. Bolalarning jinsiy xulq me’yorlari haqidagi qiziqishlarini ota-ona to‘liq qondirolmasa, oilaviy axborot tanqisligini ko‘chadagi ma’lumot to‘ldiradi.
Kattalar va birinchi navbatda ota-onaning erkin munosabati, bolaning barcha savollariga batafsil javob berishga tayyorligi jinsiy masalalarni ham uyalmay va qo‘rqmay to‘g‘ri tushuntirish – to‘g‘ri jinsiy tarbiyaning majburiy shartidir.

Kutilmagan savollar sizda qanday hissiyot uyg‘otdi? Yuzingizda taajjub va uyalish paydo bo‘ldi – bolalar nozik psixolog bo‘lib, buni darhol his etishadi. Bolalar farzand tug‘ilishi va erotika o‘rtasida hech qanday farq bilishmaydi. Kattalar esa o‘zlarining ishqiy tajribasi bilan bolalarning sodda qiziqishiga kirib boradi. Aytaylik, bolalar «Echki bilan sigir o‘rtasida qanday farq bor?» va «O‘g‘il bola qizdan qanday farqlanadi?» kabi savollarga bir xil munosabatda bo‘lishadi. Lekin otasi va onasining munosabatini darhol sezishadi hamda iflos va ahloqsiz savollar sifatida ajrata boshlashadi. Jinsiy madaniyati past bo‘lgan odamlar yanada qo‘pol xatolar qiladi: «Hozirdan shunday masalalar bilan qiziqyapsanmi? Bunday ketaverishda ertaga kim bo‘lib yetishasan?» yoki xoxolab kulib: «Ana onangdan (buvingdan) so‘ra, ular buni yaxshi bilishadi», - deydi. Ayniqsa oynai jahon orqali odamlar o‘pishayotganini ko‘rsatib qolsa, ota-onalar uchun odatda xatoga yo‘l qo‘yishadi. Ba’zilar turli usulda bolalarning diqqatini boshqa narsaga qaratmoqchi bo‘lishsa, boshqalar buning ustidan kulishga, bo‘sa haqida har xil beso‘naqay hazillar qilishga harakat qilishadi. Bolalar hammasini juda yaxshi tushunishadi va ularda erkak va ayol o‘rtasidagi ishqiy munosabat uyatsiz, ahloqsiz bir narsa, degan tushuncha shakllanadi.

Bola to‘rt, yetti yoki o‘n besh yoshda bo‘lmasin, savollariga to‘g‘ri, ob’ektiv va ilmiy javob qaytarishga intilish zarur. Bolani laylak olib kelishi yoki karam ichidan topib olinishi haqidagi ertaklar inson hayotining sirli tomonlarini ochib bermay, bolaning jinsiy ongi noto‘g‘ri rivojlanishiga olib keladi. Oxir-oqibat to‘qima o‘rnini ko‘chadagi haqiqat bosadi, turli tafsilotlar bilan to‘ldiriladi va aniqlashtiriladi. Natijada bolaning hafsalasi pir bo‘ladi, ota-onasiga ishonchsizlik tug‘iladi, ularga xuddi yolg‘onchilardek qaray boshlaydi.
Bolalar kutayotgan tushuntirish tabiatning turg‘un qonunlariga bo‘ysunishi, u bilan uyg‘unlashgan bo‘lishi darkor. Agar bolada yoshligidan Yer yuzidagi barcha odamlar va jonzotlar hayotni davom ettirish qonuniga bo‘ysunadi, degan tasavvurni shakllantirsangiz nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.

Ota-onaning izohi bolalar anglashi uchun tushunarli bo‘lmog‘i, ularning ruhiy va aqliy darajasiga mos bo‘lishi kerak. Bola uchun tushunarli ma’lumot ko‘pincha qo‘shimcha savol talab qilmaydi. Taniqli psixiatr V.Levining aytishicha, ota-ona javobning tafsilotlariga berilishi, masalani haddan tashqari chuqurlashtirishi yoki qisqacha javobni katta ma’ruzaga aylantirishi teskari samara beradi. Mutaxassislar jinsiy munosabat bilan bog‘liq axborot bolalarning ongiga mos bo‘lishi kerak, deb hisoblashadi. Farzand bilan faqat uni hozirgi paytda qiziqtirayotgan masalani muhokama qilish, so‘ragan narsasi haqida gapirish talab qilinadi. Bunda javoblar sodda, qisqa va tushunarli bo‘lmog‘i lozim.
Просмотров: 1565 | Добавил: Sayyod_Bek | Рейтинг: 0.0/0
Eng ko'p o'qilganlar
Материалов за текущий период нет.
Homiladorlik Taqvimi
Saytdan izlash
So'rovnoma
Каердан Ташриф Буюрасиз?
Всего ответов: 176
Saytga Kirish

Hisobot


Reklama